Izoh.uz loyihasi haqida
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati 35 000 dan ortiq so‘zlarning ma’nolari ibora va misollar bilan keltirilgan.
Yillar davomida “O‘zbek tili kuni”ga bag‘ishlab, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar, jurnalistlar, tarjimonlar, kopirayterlar, blogerlar va boshqalar uchun foydali loyihalarni ishga tushirishni an’anaga aylantirganmiz. Bizning jamoa Lotin.uz, Imlo.uz, Sinonim.uz, Sarlavha.com loyihalarini hukmingizga havola qilgan.
Bu yil esa “Izoh.uz” loyihasini taqdim etamiz. Ushbu loyihani amalga oshirishda o‘z qimmatli takliflari bilan “Savodxon.uz” jamoasi va bir qancha faol o‘zbek tili fidoyilari ishtirok etishdi. Shu jumladan so‘zlar, iboralar, o‘zlashma va baynalmilal terminlarni yig‘ishda internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlar, Wikiredia, telegram kanallar, ayniqsa “Gramotnie teksti v Uzbekistane” telegram guruhi va boshqa turli xil manbalardan foydalanildi.
Aytish mumkinki, bu nafaqat oddiy izohli lug‘at, balki foydalanuvchilar tomonidan to‘xtovsiz to‘ldirib boriladigan, tom ma’nodagi "tirik" xalqona izohli lug‘atdir. U deyarli har kuni, kundalik turmushimizga kirib kelayotgan internet va axborot texnologiyalari, avtomobil sanoati, dizayn, musiqa, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, texnika, madaniyat va sanoatning boshqa barcha yo‘nalishlariga oid yangi, hamda klassik adabiyotimizdagi unitilayotgan so‘zlar bilan to‘ldirib boriladi.
Albatta, ish bor joyda, xato bo‘ladi. Biz jamlagan ma’lumotlarni “absolyut haqiqat” deb bilmasdan, ularga tanqidiy yondoshib, mustaqil ravishda tekshirgan holda o‘z fikr-mulohazalaringizni berishingizni so‘raymiz.
Asosiy afzalliklar:
- yangi so‘z, termin va atamalarga zudlik bilan izoh va tavsif berib borilishi;
- ma’lumotlar o‘zbek tilining kirill va lotin alifbosida berilganligi;
- kompyuter va telefondan foydalanishning qulayligi;
- harflar bo‘yicha navigatsiyaning mavjudligi;
- qulay qidiruv tizimi orqali yozilayotgan matnga kerakli so‘zni topish tezligini oshirish imkoniyati.
Saytdagi so‘zlarning ma’nolarini yanada chuqurlashtirish va xatosiz qilish uchun biz takliflar uchun har doim ochiqmiz. O‘zbek tiliga befarq bo‘lmaganlar, har biz so‘zga yanada tushunarliroq bo‘lgan izohlar va misollarni qo‘shib borishlari mumkin.
Bu bilan siz bir tomondan, o‘zbek tilining qanchalik boy ekanligining shohidi bo‘lib borasiz, ikkinchi tomondan, o‘zingizni faol ishtirokingiz bilan ona tilimizni yanada rivojlantirishga baholi qudrat xizmat qilasiz.
O‘zbek tili bilan bog‘liq turli xil dasturlar, sun’iy intellekt va boshqa mashg‘ulot bilan band do‘stlarimizga esa hamkorlik qilishni taklif qilamiz. Birlashgan — o‘zar.